Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirishni va aholi daromadlarini koʻpaytirish mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Unda, quyidagi vazifalar belgilab berildi:
- yil yakunigacha yana qoʻshimcha 20 ming gektar ekin maydoni aholiga boʻlib beriladi (jami 100 ming gektar boʻladi);
- kelgusi yilda yana qoʻshimcha 100 ming gektar ekin maydoni ham aholiga tarqatiladi (jami 200 ming gektar boʻladi).
“Bu — juda katta islohot. Buning hisobiga qoʻshimcha 1 mln 200 ming nafar aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng asosiysi — agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat, ishsizlar masalasini bemalol hal qila oladi”, dedi davlat rahbari.
Mutasaddilar, viloyat va tuman hokimlariga bir oy muddatda:
- kamida 1 mingta mahallada kichik hajmli muzlatkichlar oʻrnatish;
- 3 ming gektarda parnik usulida ertaki mahsulotlar yetishtirish dasturini boshlash topshirildi.
Bunga joriy yilda $50 mln, kelgusi yilda yana $100 mln yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, “daftarlar"dagi aholiga yer berilganda, barcha imtiyoz va toʻlovlar 1 yilgacha saqlanib qoladi. Tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etganda ham tanlov oʻtkazilgan hisoblanadi.
Mahallalarga hosildor urugʻ, koʻchat yetkazish va mahsulotini sotib olish uchun 150 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.