Oʻzbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo tufayli poyezdlar harakat jadvalida oʻzgarish boʻlmoqda. Bu haqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati xabar qildi.
Qayd etilishicha, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida barcha turdagi (yuk va yoʻlovchi) poyezdlarning tezligiga cheklovlar berilmoqda.
Shu tufayli yoʻlovchi poyezdlarning harakat jadvaliga, ayniqsa, joʻnash hamda manziliga yetib borish vaqtlariga oʻzgarish kiritiladi.
“Har bir yoʻlovchining manziliga xavfsiz yetkazib olib borilishini taʼminlash eng muhim vazifadir. Shuni inobatga olib, „Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi“ AJ rahbariyati yoʻlovchilardan bunday vaziyatni toʻgʻri tushunishlarini istab, keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraydi”, deyiladi xabarda.
Bundan avval Spot Toshkent — Dushanbe yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl qatnovi qachondan ishga tushirilishi haqida yozgan edi.