Direksiya oldidagi majburiyatni bajarmaganligi uchun 39 kompaniya “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum etildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Nizom talablarini bajarmagan rezidentlar “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum etiladi. Soliq imtiyozlari esa bekor qilinib, belgilangan tartibda Oʻzbekiston byudjetiga toʻlash majburiyatlari tiklanadi, deyiladi xabarda.
Rezident maqomidan mahrum qilingan kompaniyalar qatoridan “Include”, “Insane Tech”, “Soft Save Service”, “Robotics Lab Future Technology Company”, “Mega group design” va boshqalar joy oldi.
Bugungi kunda “IT Park” rezidentlari soni 707 tani tashkil etadi. Rezidentlarning majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
- faqat roʻyxatdagi faoliyat turlariga asoslangan biznes-rejada koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
- har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etish;
- har yili moliyaviy-xoʻjalik faoliyati auditini oʻtkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini yuborish;
- rezident “IT Park” bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega.
Avvalroq “IT Park"ning rezidentlari soni va eksportlari hajmi keskin oshganligi borasida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, 2022-yil 1-chorak yakunlari boʻyicha rezidentlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 814 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida “IT Park” rezidentlari soni 588 ta kompaniyani tashkil etgandi, bu oʻtgan chorakka nisbatan 130% ga koʻpdir.