Prezident “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.

2022/2023-oʻquv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlar toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga davlat byudjetidan mablagʻ ajratish yangi tizimi joriy etilgan.

Belgilanishicha:

  • tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditlarini 14% stavkada ajratadi;
  • taʼlim krediti asosiy qismi talaba rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
  • taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkalarini soʻndirish Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, ularni tijorat banklariga toʻlash orqali amalga oshiriladi;
  • taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talaba doimiy daromad manbasiga ega boʻlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Belgilab qoʻyilishicha:

  • jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklari soʻrovlariga asosan kelgusida 14% stavkada taʼlim krediti ajratish uchun ularga 10% stavkada depozit mablagʻlari joylashtiriladi;
  • jamgʻarma tomonidan taʼlim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlash va nazorat qilish maqsadida jamgʻarmaga 1 ta Maktabgacha taʼlim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligi umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

Avvalroq Oʻzbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Tadbirkor ayollar uchun mentorlik” dasturi yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar berilgandi.