Yagona korporativ maʼlumotlar portaliga koʻra, “Savdogarbank” oʻz nomini rasman oʻzgartirdi.
Endilikda, taʼsis hujjatlariga koʻra, kredit tashkiloti “Garant-bank” nomi bilan ishlaydi. Oʻzgartirishlar 13-iyul kuni kiritilgan, ammo bu haqidagi maʼlumotlar 5 kundan keyin paydo boʻldi.
Bankning rasmiy sayti hamon eski manzil — savdogarbank.uzda ishlamoqda. Nomni oʻzgartirish haqidagi eʼlonlar hozircha na oʻzbek, na rus tilida chop etilmagan. Uning Facebook, Instagram profillarida, shuningdek, Telegram kanalida ham bu haqda hech qanday maʼlumot yoʻq.
Nizom va boshqa hujjatlarning yangi tahrirlari ham mavjud emas. Nomni oʻzgartirish fakti faqat aksiyadorlar yigʻilishining 26-maydagi eʼlonida qayd etilgan. Unda kun tartibidagi masalalardan biri sifatida bank nomini oʻzgartirish va nizomiga oʻzgartirishlar kiritish koʻrsatilgan.
17-iyun kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda bankning 99,49% aksiyalari egalari ishtirok etdi. Yigʻilishda nom oʻzgartirish va nizomga tegishli oʻzgartirishlar bir ovozdan maʼqullandi.
“Savdogarbank” 1994-yilda Oʻzbekiston savdo sohasidagi korxonalarga xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan. 1998-yil noyabr oyida unga “Yengilsanoatbank”, ikki yil oʻtmay “Mevasabzavotbank” qoʻshildi.
Bank muassislari orasida avval Germaniya, AQSh, Singapur va Shveytsariya investorlari boʻlgan. Endilikda aksiyalarning nazorat paketi Rauf Komiljonovga tegishli. 2021-yil noyabr oyida u 53,53% aksiyalarni sotib oldi, mart oyida esa yana 45,7%ini birja orqali 71,3 mlrd soʻmga sotib xarid qildi.
“Savdogarbank” zarar koʻrganlar qatoriga kiradi: 2021-yilning birinchi yarmida moliyaviy yoʻqotishlar 24,2 mlrd soʻmni, uchinchi chorakda esa 10,8 mlrd soʻmni tashkil etdi (butun 2021-yil uchun hisobot hali eʼlon qilinmagan). Shu bilan birga, 2020-yilda bank 14,2 mlrd soʻm foyda oldi.
Bank sohasidagi avvalgi rebrending 2018-yil boshida sodir boʻlgan. Keyin UTBank xuddi shu nomdagi turk banki tomonidan sotib olinganidan soʻng Ziraat Bank deb oʻzgartirildi.
Avvalroq “Spot” nashri Maslov PR Tashkent reklama agentligi oʻz nomini “maslov:tashkent"ga oʻzgartirgani haqida xabar bergan edi.