Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi joriy yilda uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibiga kiritilayotgan asosiy oʻzgartirishlar haqida xabar berdi.

“OʻzA"ning yozishicha, Toshkent shahrida doimiy roʻyxatga olingan fuqaro subsidiya asosida Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ham sotib olishiga ruxsat beriladi. Toshkent shahrida uy-joyga boʻlgan 8 mingdan ortiq talab nisbatan qisqartiriladi.

Arizachilarni oilaviy daromad (turmush oʻrtogʻi va turmush qurmagan farzandlari) tartibida baholash joriy etiladi. Subsidiya daromadi yuqori boʻlmagan oilalarga manzilli yetib borishi taʼminlanadi.

Subsidiya talabgorini baholash komissiyasi tarkibidan ichki ishlar boʻlimlari va tijorat banklari chiqarib tashlandi. Arizalarni koʻrib chiqish muddatini 5 kunga qisqartirishga imkon yaratiladi.

Fuqarolarni ijtimoiy mezonlarga asosan baholash va ularni ipoteka krediti boʻyicha toʻlov qobiliyatini aniqlash mustaqil ravishda olib boriladi. Ijobiy xabarnoma olgan fuqarolarga ipoteka krediti miqdorini kafil qoʻshish orqali mustaqil belgilash imkoni yaratiladi.

Hududiy komissiya yigʻilishlari elektron tarzda amalga oshiriladi. Xulosalarni umumlashtirib komissiya yigʻilishini oʻtkazish va arizachiga taqdim etish muddati 8 kunga qisqartiriladi.

Arizachilarni baholash dasturiy taʼminoti avtomatlashtiriladi va elektron bazalari oʻzaro integratsiya qilinadi. Hujjatni koʻrib chiqishda yil yakuniga qadar inson omili qisqartiriladi.

Subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida subsidiyalarni tuman (shahar) kesimida qayta taqsimlash amaliyoti tugatiladi. Unda talabgorlar subsidiya asosida uy-joyni doimiy roʻyxatdan oʻtgan hududi doirasida istalgan tuman/ shahardan olishi mumkin boʻladi.

Ariza faqatgina fuqarolik pasporti maʼlumotlarini (JShShIR) kiritish orqali topshiriladi. Oʻzgartirishlar natijasida koʻrib chiqishning umumiy muddatini oʻrtacha 7 ish kunigacha qisqartirishga erishiladi.

Avvalroq Prezident boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda subsidiya ajratishda byurokratiyani keskin qisqartirish, uni toʻliq raqamlashtirish, ipoteka kreditini ajratishda tijorat banklariga qoʻyiladigan talablar yengillashtirish vazifasi qoʻyilgan edi.