Joriy yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston banklarida norezidentlar hisob-raqamlari 47 mingga o‘sib, 169 ming taga yetdi. Bu haqda Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Ularning asosiy qismi Ukraina, Rossiya va Belarusdan vaqtinchalik ko‘chib kelgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiyaliklar hisob raqamida $115 mln miqdorida mablag‘lar mavjud.

Shuningdek, xorij fuqarolariga 97 mingta karta ochilgan bo‘lib, undan 90 mingtasi xorijiy valyuta kartasi (“Visa”, “MasterCard”) ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishdagi o‘sish 15 mingtani tashkil qildi.

Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga bir qator sanksiyalar, taqiqlar va turli cheklovlar qo‘yildi. Buning natijasida ko‘plab xorij kompaniyalari mamlakatdagi faoliyatini tugatishiga yoki boshqa davlatga ko‘chirishiga to‘g‘ri keldi.

Xodimlar ham qo‘shni mamlakatlardan qo‘nim izlashni boshladilar. Bu, oʻz oʻrnida, mutaxassislarning bir qismini O‘zbekistonga olib keldi.