Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish uchun “HEMIS” axborot tizimining talabalar uchun mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Endilikda talabalar mazkur ilova orqali oʻquv jarayoniga tegishli boʻlgan:
- reyting daftarchasi;
- transkript;
- oʻzlashtirish koʻrsatkichlari;
- nazorat jadvallari;
- fanlarning elektron resurslari kabi maʼlumotlarni olishlari mumkin.
Bu ta’lim sohasida inson omilining qisqarishini taminlaydi. Undan tashqari talabalarning oʻziga qulay vaqtda, qulay joyda kerakli hujjatlarni fayl ko’rinishida yuklab olishlari osonlashadi.
Ushbu ilova bepul hisoblanib, “AppsStore” va “GooglePlay” platformalarida mavjud. Ilovaning qanday ishlashi ilova yuklab olinayotgan vaqtda video qoʻllanma orqali tushuntirilib oʻtilgan.
“Hemis” axborot tizimi oliy taʼlim muassasalarining asosiy faoliyatlarini avtomatlashtirish hisobiga maʼmuriy xodimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalarga elektron taʼlim xizmatlarini taqdim etadi.
Axborot tizimi oliy taʼlim muassasalari bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻrtasida axborot koʻprigi vazifasini oʻtaydi va boshqaruv tizimini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
2021-yil noyabr oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy taʼlim tizimida jurnal, reyting daftarcha endi qogʻoz koʻrinishda boʻlmasligi va talaba guvohnomasi ham ID kartaga oʻtkazilishini ma’lum qilgandi.