Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik faolligi indeksini baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur indeks oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ham 51%ga oʻsgan. Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori oʻsish surʼati qayd etilgan boʻlsa, Surxondaryo viloyatida eng past oʻsish kuzatildi.
Bundan tashqari mazkur davr oraligʻida banklararo toʻlov operatsiyalari soni 5 692,2 ming tani tashkil etdi. Bu 2022-yilning may oyiga nisbatan 716,1 ming tranzaksiyaga (14,4%) oshganligini koʻrsatmoqda.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2022-yil iyun oyida 7 367,6 mlrd soʻmni tashkil etib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 5,0% ga oshgan.
2022-yil iyun oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar soni 2022-yilning may oyiga (598 986 birlik) nisbatan 6 382 taga koʻpayib, 605 371 birlikni tashkil etgan.
Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 487 101 tadan 493 727 tagacha oshgan (oʻsish 6 626 ta). Fermer xoʻjaliklari soni 107 918 tadan 108 078 tagacha (oʻsish 160 ta) oshgan.
Yirik tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan subyektlar soni 3 566 tani tashkil etib, 2022-yilning may oyiga nisbatan 404 taga kamaygan.
Shuningdek, iyun oyida yuridik shaxslar tomonidan 196 ta tovar belgilari va tovar nomlari roʻyxatga olindi.
Avvalroq “Spot” aholi va tadbirkorlarning inflyatsiya boʻyicha kutilmalari haqida yozgan edi.