“Spot” avval yozganidek, Markaziy bank asosiy stavkasini 15% ga tushirdi. Bungacha, u iyun oyidan buyon 16% edi.
Regulyator bu qadamni inflyatsion kutilmalar tendensiyasi, shuningdek, kutilayotgan narx dinamikasi bilan izohladi. Tashqi zarbalar taʼsirining pasayishi makroiqtisodiy vaziyatni biroz barqarorlashtirish imkonini berdi, deyiladi press-relizda.
Aprel-iyun oylarida chet el valyutasining kirib kelishi oʻtgan yillardagi mavsumiy oʻsish surʼatlaridan yuqori boʻldi. Eksport tushumi birinchi chorakka nisbatan 41% ga, banklar va korxonalar tomonidan valyuta sotish hajmi esa 1,8 barobar oshdi.
Ichki iqtisodiy vaziyat ham maʼlum bir optimizmga yordam beradi. Yalpi ichki mahsulotning oʻsishi yarim yillik yakuniga koʻra 5,4% ni tashkil etdi — 2021-yilda qayd etilganidan (7,2%) kam, biroq Markaziy bankning aprel oyidagi prognozidan (3,5−4,5%) koʻp.
Iyun oyida inflyatsiya 12,2% ni tashkil etdi. Narxlar oʻsishining tezlashishi chet el tovarlarini yetkazib berishdagi uzilishlar, shuningdek, gʻalla sotish narxlarini liberallashtirish hisobiga taʼminlandi. Asosiy eʼtibor oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirishga qaratilishi kerak, deya taʼkidlaydi Markaziy bank.
Shu bilan birga, kutilayotgan inflyatsiya darajasi yana pasaymoqda — regulyatorning soʻzlariga koʻra, narxlarning oʻsish surʼati allaqachon eng yuqori choʻqqidan oʻtib ketgan. Tartibga solinadigan narxlarning oshishi ham qoldirildi (ehtimol, gap gaz va elektr energiyasi uchun tariflar haqida ketmoqda — “Spot” taxmini).
Joriy jarayonlarning barqarorlashuvini hisobga olgan holda, Markaziy bank yil yakunida inflyatsiya koʻrsatkichlari prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin boʻlishini kutmoqda. Hozir u 12−14% ni tashkil etadi.
Iqtisodiy oʻsish boʻyicha kutilmalar yil oxirida 5,0−5,5% gacha qayta koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, tashqi vaziyatda noaniqlik saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank yil oxirigacha “nisbatan qattiq” pul-kredit siyosatiga amal qiladi. Iqtisodiyotda ijobiy surʼatlarni shakllantiradi va soʻm aktivlarining rentabelligini taʼminlaydi.
Avvalroq “Spot” Markaziy bankning valyuta intervensiyalari hajmi chorak yakunlari boʻyicha 4 barobarga kamaygani haqida xabar bergan edi.