“Oʻzbekiston temir yoʻllari” vakillari Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligi mutasaddilari bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.
Uchrashuvda FIEM korxonalarni internatsionalizatsiya qilish jamgʻarmasidan 4 ta Talgo-250 tezyurar elektropoyezdini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalasini muhokama qilindi.
Ispaniya tomoniga “Buxoro-Urganch-Xiva” temiryoʻl liniyasini elektrlashtirish loyihasi amalga oshirilishi haqida batafsil maʼlumot berildi. Mazkur tezyurar liniya foydalanishga topshirilgandan soʻng qoʻshimcha 4 ta elektropoyezd sotib olish nazarda tutilmoqda.
Tomonlar loyihani moliyalashtirish uchun FIEM jamgʻarmasining imtiyozli krediti hisobidan Talgo-250 poyezdlarini xarid qilish imkoniyatlarini oʻrganishdi.
Muzokara yakunlari boʻyicha tomonlar ushbu masala boʻyicha ekspertlar darajasida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.
Bungacha Ispaniyaning Patentes Talgo SLU kompaniyasida ishlab chiqarilgan 6 ta tezyurar elektropoyezd “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tomonidan xarid qilingan. Oxirgi partiya 2021-yilda olib kelingandi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun Korxonalarni internatsionalizatsiya qilish jamgʻarmasidan 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan kredit jalb etilgan.