Belgiyaning “Camco Technologies” kompaniyasi O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda.
21-iyul kuni O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov “Camco Technologies” rahbariyati bilan uchrashdi.
Mazkur kompaniya logistika terminallari va bojxona postlari uchun avtomatlashtirilgan tizimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“Camco Technologies” Irlandiyaning “CrossborderXP” kompaniyasi bilan hamkorlikda Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan butun temir yo‘l koridori bo‘ylab logistika markazlarini bog‘lovchi jarayonlarni raqamlashtirish, terminallarni o‘zaro bog‘lash uchun mo‘ljallangan savdo va logistika dasturiy taʼminotini joriy etishni taklif qilmoqda.
Platformasining joriy etilishi terminallar va logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarga bojxona operatsiyalarni amalga oshirish hamda umumiy markazlashtirilgan maʼlumotlar bazasida operatsiyalarni boshqarish imkonini berishi kutilmoqda.
Bu belgilangan yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishi va Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit salohiyatini oshirishi kutilmoqda.
Avvalroq “Spot” eksport, import va tranzit boʻyicha barcha sertifikat va ruxsatnomalar “Yagona darcha” orqali yuritilishi xususida xabar bergandi.