Markaziy bank tomonidan 2022-yilning fevral oyida o‘zbek so’mining ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan edi. Grafik ishlar va konsepsiyalar 31-maygacha qabul qilingan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Sarvar Jumangeldiyev g‘olib bo‘lib, uning ishi hay’at a’zolari tomonidan soʻmning oʻziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ ishlab chiqilgan grafik belgi deb topildi.
Tanlov gʻolibining ishi xorijlik ekspertlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Bu haqda 21-iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi oʻrinbosari Botir Zohidov ma’lum qildi.
Ramzni toʻliq tasdiqlash va joriy etish bir necha yil davom etishi mumkin bo‘lib, mutaxassislarni qaysi davlatlardan jalb etish rejalashtirilayotganiga Zohidov aniqlik kiritmadi.
Uning soʻzlariga koʻra, gʻolibning ishi boʻyicha odamlarning munosabati turli xil boʻlgan — ba’zilar qo‘llab-quvvatladi, boshqalari tanqid qilindi. Afsuski, hammaga yoqadigan yechim yoʻq:
“Bir narsani tushunish kerak: biz komissiyani Markaziy bank xodimlaridan emas, professionallar orasidan yig‘dik. Bir necha ming arizalar bor edi, ular orasida koʻplari Amerika dollari va Yevropa yevrosining ramzini takrorladi”, — deya tushuntirdi Zohidov.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu regulyator va xalq o‘rtasidagi muloqotning boshlanishi ekanligini qo‘shimcha qildi:
“Misol uchun, menga „tenge“ belgisi juda yoqadi, lekin kimdir bu Yaponiya pochta boʻlimi belgisi deb yozgan. Qanday bo‘lmasin, lekin biz hammamiz o‘xshashmiz. Tanlov g‘olibini aniqlash butun sikldagi so‘nggi bosqich emasligini tushunish kerak”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.
Markaziy bank raisi komissiya tomonidan tanlangan variant oxirgi emasligi, u mutaxassislar tomonidan o‘zgartirilishi mumkinligi va keyin jamoatchilikka yana taqdim etilishini qayd etdi.
Koʻpgina internet foydalanuvchilari ushbu belgi patentlangan savdo belgilari, xususan In-Core Systèmes plagiati boʻlishi mumkinligini taʼkidladilar. Botir Zohidov so‘m belgisi savdo belgisi emasligini ta’kidladi.
Ilgari “Spot” milliy valyuta ramzi borasida ekspertlar bilan suhbatlashgan edi.