Moliyaviy savodxonlik rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda yanada shaffof, sog‘lom va barqaror iqtisodiyotga intilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.

Moliyaviy savodxonlik — shaxsiy moliyaviy boshqaruv, byudjetlashtirish (kirim-chiqim) va investitsiyalarni o‘z ichiga olgan turli xil moliyaviy ko‘nikmalarni tushunish va samarali ishlatish qobiliyatidir.

Istalgan moliyaviy maqsadlarga erishish uchun aholining daromad topish, sarflash, tejash, qarz va investitsiyalar bo‘yicha savodxonlik darajasi yuqori bo‘lishi muhim hisoblanadi.

Insonlarning moliyaviy savodxonlik darajasi past bo‘lishi natijasida tadbirkorlikda omadsizlikka uchrashi, o‘z moliyaviy resurslarini to‘g‘ri joylashtira olmasligi mumkin.

Mavjud moliyaviy bozor instrumentlaridan maqsadli foydalana olmasligi oqibatida esa kambag‘allik yoki o‘rta hol turmush darajasidan yuqori pog‘onalarga chiqishi murakkablashadi.

Ekspert Iskandar Tursunov aholining moliyaviy savodxonligini oshirishning nega muhimligi xususida “Spot” bilan bo‘lishdi.


Iskandar Tursunov,

moliya mutaxassisi.

Jamiyatda insonlarning moliyaviy savodxonligini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, rivojlanayotgan zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy xizmatlarning ortishi aholining savodxonlik darajasi yuqori bo‘lishini talab etadi.

Bu nima uchun muhim

Insonlarda moliyaviy savodxonlikning yuqori darajada bo‘lishi to‘g‘ri investitsiya qilishi, doimiy daromad manbaini shakllantirishda hamda keksalikda o‘zining moddiy ehtiyojlarini qoplashi uchun aql bilan tadbirli ish tutushini ta’minlaydi.

Aholi moliyaviy savodxonligining ijtimoiy ahamiyati ham bor. Chunki, shaxsning moliya borasidagi bilim va ko‘nikmalari natijasida butun jamiyat iqtisodiy hayotining muvaffaqiyati va barqarorligini belgilab beradi.

Aholining moliyaviy jihatdan savodsizligi nafaqat shaxsiy farovonlikka, balki butun moliyaviy sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, fuqarolarning o‘z daromadlari va xarajatlarini aniq tasavvur qilmasligi yoki noto‘g‘ri rejalashtirishi oqibatida kreditorlik qarzdorlik paydo bo‘ladi, moliyaviy piramidalar va firibgarliklar sonining oshishiga olib keladi.

Global miqyosda bu mamlakat iqtisodiyotini moliyaviy inqirozga olib kelishi mumkin.

Muammo nimada

Insonlar boyligini, uning ilmsizligi, yetarli ma’lumotga ega emasligi, haq-huquqlarini yaxshi bilmasligidan foydalangan holda osonlikcha o‘zlashtirish, aldov va firibgarlikdan foydalanish uzoq o‘tmishdan davom etib kelmoqda.

Ayniqsa, texnika va texnologiyalar rivojlangan davrda bu narsa yanada takomillashganligi bois moliyaviy xizmatlarning ishonarli yoki ishonarsiz manbalardan taklif etilayotganligini aniqlash imkoniyati juda murakkablashgan.

Har qanday inson telefoniga kelgan aldov SMS-xabarlar yoki o‘ta professional darajada o‘zlarini reklama qilish orqali firibgarlikka qurilgan har xil (biznes piramidalar, virusli dasturlar, soxta tadbirkorlar, soxta yutuqli o‘yinlar va hokazo) xizmatlarning qurboniga aylanib qolishi mumkin.

Yechim

Insonning ma’lum soha bo‘yicha ilm va tushuncha olishida ta’lim eng muhim tizim hisoblanadi. Yoshlarning moliyaviy savodxonligini asta-sekin ta’lim davrida oshirib borish samarali natijadir.

Buning uchun har bir hududda hamda ish joylarida moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha ekspertlarni jalb qilgan holda treninglar tashkil etish zarur.

Mahalliy hokimyat, ish beruvchilar, mahalla faollari bu borada yanada mas’uliyatli bo‘lishlari lozim, chunki har qanday moliyaviy yo‘qotish bir oila uchun bu o‘sha hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga sekin asta ta’sir qilib boradi.

Uy xo‘jaliklari, oilalar va shaxslarga o‘z byudjetlarini shakllantirish va rejalashtirishga oid bilim hamda ko‘nikmalarni muntazam berib borishning universal usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, aholining turli ijtimoiy guruhlari uchun mo‘ljallangan moliyaviy savodxonlik, uning tarkibiy qismlarini takomillashtirish bo‘yicha turli axborot va ta’lim dasturlarini ishlab chiqilishi, hamda ularni muntazam tegishli aholi qatlamlari uchun yetkazib borish ham muhim choralardan hisoblanadi.


Muallifning fikri tahririyat fikrini aks ettirmasligi mumkin. Agar siz ham o‘z yo‘nalishingizdagi qandaydir vaziyat haqida gapirmoqchi va muammoga e’tibor qaratmoqchi bo‘lsangiz, info@spot.uz manziliga yozing.