Yaponiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni ortadi. Bu haqda Yaponiya-O‘zbekiston o‘rtasida mehnat munosabatlari va kasbiy ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlangan mehnat forumida ma’lum qilindi.
Ushbu mamlakat hukumati tomonidan 2025-yilga qadar xorijdan 350 mingdan ziyod ishchi kuchini jalb qilish davlat dasturi ishlab chiqilib, bir nechta davlatlar bilan mehnat sohasida hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Istiqbolli hamkorlar orasida O‘zbekiston ham bor. Mamlakat mazkur hajmning 10%ini jalb qilishni ko‘zda tutgan.
Maxsus malaka sertifikati Yaponiyada ishlash maqomini va ishchi rezidentligini beruvchi muhim hujjat hisoblanadi.
Ushbu sertifikatni olish uchun fuqaro yapon tilidan A2 yoki N4 darajasi va kasb ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak.
Shu yilning mart oyiga qadar ushbu sertifikat testlarini topshirish uchun fuqaro boshqa mamlakatga borishi kerak edi. Yaponiya hukumati bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, endilikda testlar Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda.
Avgust oyida 50 ga yaqin fuqaro Yaponiyaga jo‘nab ketadi. Ularning mehnat sharoiti, oylik maoshini o‘z vaqtida olishi va qulay shart-sharoitda mehnat qilishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan nazorat qilib boriladi.
Avvalroq “Spot” Novosibirskda oʻzbekistonlik migrantlar koʻpaygani haqda xabar bergandi.
Umuman olganda, bugungi kunda xorijda vaqtinchalik faoliyat bilan shugʻullanayotgan oʻzbekistonliklar soni 2 mln.dan oshgan, shundan 568 ming nafari ayollar, 827 ming nafari esa yoshlardir.
Ularning asosiy qismi Rossiya, 366 ming nafari Qozogʻiston, 144 ming nafari Turkiya, 47 ming nafari Janubiy Koreya va 348 minggi boshqa mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.