Spot 2022-yil 1-avgustdan biznes va iqtisodiyotga aloqador turli sohalarda kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.


Bir guruh maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi

Hukumat qaroriga binoan 2022-yil 1-avgustdan boshlab maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikrotoʻlqinli pech, dazmol, suv isitkich kabi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi.


Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi

Prezident farmoniga koʻra, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi.

Unga muvofiq:

  • Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
  • shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Kinoteatrlar maxsus axborot tizimiga ulanishi talab etiladi

Prezident farmoni bilan 2022-yil 1-avgustdan boshlab filmlarga nisbatan mualliflik huquqini himoya qilish va sotilgan har bir chiptaga doir haqqoniy maʼlumot bilan tezkor taʼminlovchi respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlar faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan axborot tizimiga ulanmagan holda kinoteatr (kinozal)larda filmlar namoyish etish chakana savdo qilish qoidalarini buzish sifatida baholanadi.


Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlar faqat YaIDXP orqali qabul qilinadi

Hukumat qaroriga asosan 2022-yil 1-avgustdan boshlab oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YaIDXP orqali taqdim etiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlarining oʻquv kurslarini tugatgan haydovchilikka nomzodlardan imtihon qabul qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bundan mustasno.


Davlat organlari va tashkilotlarida Ochiqlik indeksi joriy etiladi

Prezident farmoniga koʻra, davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari boʻyicha ularning asosiy texnik koʻrsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritiladi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.


“UzGasTrade” AJ tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilishda davlatning yagona operatori sifatida ish boshlaydi

Prezident qaroriga binoan 2022-yil 1-avgustdan boshlab “UzGasTrade” AJ:

  • tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;
  • “Hududgaztaʼminot” AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida koʻzda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.

Bunda, mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, qoʻshma korxonalar va “UzGasTrade” AJ oʻrtasidagi tabiiy gazni xarid qilish toʻgʻrisidagi shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari 2022-yil 1-avgustga qadar “Oʻztransgaz” AJ tomonidan bajariladi.


Nogironligi boʻlgan yoshlarga BHMning 50 baravarigacha boʻlgan miqdorda subsidiya ajratish uchun ariza qabul qilish boshlanadi

Hukumat qarori bilan nogironligi boʻlgan yoshlarga subsidiya ajratishning maʼmuriy reglamentlari tasdiqlangan. Qarorga asosan subsidiya olish uchun arizalar joriy yil uchun — 202-yil 1-avgustdan, 2023-yildan boshlab har yili — 10-yanvardan qabul qilinadi.

Maʼlumot uchun, prezident qaroriga asosan Yoshlar ishlari agentligi Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi boʻlgan yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagi yoʻnalishlar uchun subsidiya ajratib borish tizimi joriy etilgan:

  • nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga oʻrgatish, ularda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumtaʼlim fanlari va xorijiy tillarni oʻrgatish, shuningdek, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun;
  • kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻrgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan hamda maxsus sertifikatni olgan, shuningdek, tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.

Shuningdek, Oʻzbekistonda 1-yanvardan, 1-fevraldan, 1-martdan, 1-apreldan, 1-maydan, 1-iyundan va 1-iyuldan kuchga kirgan oʻzgarishlar haqida ham oʻqishni unutmang.