E’tibor qarating: maqolani tayyorlashda banklarning rasmiy veb-saytlari, shuningdek, call-markaz operatorlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalanildi.


Iyul oyida ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror va u bilan tasdiqlangan nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan, shuningdek, o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.

Ta’lim tashkilotlari — O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muddati bir yil va undan ortiqni tashkil etuvchi barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari (davlat, nodavlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari, O‘zbekistondagi xorijiy oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari).

Maqola nashr qilingan vaqtda O‘zbekistondagi 33 bankdan 15 tasida talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Ularning aksariyati kredit mablag‘larini 3 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga berishmoqda.

Yillik stavkalar esa asosan yillik 14%ni tashkil etadi. Ayrim banklarda 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davrlar mavjud.

Rasmiylashtirish

Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar quyidagilar:

  • pasport;
  • qarz oluvchining oxirgi 12 oy mobaynidagi moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar (jamg‘arib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi orqali aniqlanadi);
  • talaba va oliy o‘quv yurti o‘rtasida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taʼlim shartnomasi;
  • krеdit qaytarilishi ta’minotiga doir hujjatlar.

Talabaning yaqin qarindoshlari sherik qarzdor bo‘lishlari mumkin.

Quyida keltirilgan 15 ta bankdan 11 tasi oliygoh shartnomasida ko‘rsatilgan summaning 100%ini to‘lab beradi. Qolgan ikki bank — “Orient Finans Bank” 250 mln, “Ipak Yo’li Bank” esa 20 mln so‘mgacha mablag‘ taqdim etadi.

Bank nomi
Yillik stavka
Berilish muddati
Aloqabank
14%
7 yil
Asakabank
14%
7,5 yil
Agrobank
15%
7 yil
Ipoteka Bank
14%
7 yil
Ipak Yo’li Bank
26,9%
2 yil
Infinbank
25,99%
3 yil
Hamkor Bank14%7 yil
Mikrokreditbank
14%
15 yil
Orient Finans Bank
26%
4 yil
Savdogar Bank22−26%2−4 yil
Turon Bank
14%
7,5 yil
Qishloq Qurulish Bank
14%
7 yil
Xalq banki
14%
7 yil
O‘zsanoatqurilishbank
14%
7 yil
O‘zmilliybank
20−22%
3−5 yil

Avvalroq “Spot” O‘zbekiston banklaridagi mikroqarzlar haqida ma’lumot to‘plagan edi. Iyul oyida 33 ta bankdan 19 tasi bu turdagi kreditni berishga tayyor.

Beriladigan mikroqarz miqdori 1,5 mln.dan 50 mln so‘mgacha o‘zgarib turmoqda.

Aksariyat banklar sug‘urta polisi, avtomobil, ko‘chmas mulk shaklida 30−50 mln miqdorida kredit olishda likvidli garov talab qiladi. Agar kredit miqdori 30 mln.dan kam bo‘lsa, uchinchi tomon kafolati yetarli hisoblanadi.

Mablag‘larni bir oydan to‘rt yilgacha olish mumkin.