“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi “Orenburg” maxsus iqtisodiy zonasi (EIZ) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Tegishli kelishuvga EIZ rahbariyatining Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvida erishildi. Bu haqda “rg.ru” xabar bermoqda.
Hamkorligimizning asosiy tarkibiy qismlaridan biri tajriba almashishdan iborat. Biz Rossiya va Oʻzbekiston korxonalari koʻmagida hududlarimiz oʻrtasida taʼminot zanjirlarini qurish va qoʻshma klaster loyihalarini amalga oshirishga tayyormiz, dedi “Orenburg” maxsus iqtisodiy zonasi aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Nikita Xilimonchik.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Orenburg viloyatining asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xususan, viloyatning 2022-yilning birinchi choragida tashqi savdo hajmining 11,3%i Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri keladi.
Qayd etilishicha, “Orenburg” EIZ ikkita uchastkada — Orenburg (380 gektar) va Orskda (180 gektar) joylashadi. Bu yerda zamonaviy sanoat infratuzilmasi yaratilib, kommunal va energetika tarmoqlari ishga tushiriladi hamda temir yoʻl va avtomobil yoʻnalishlari yotqiziladi.
Shuningdek, jami 30 dan ortiq infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. EIZning ishga tushirilishi 2024-yilning boshiga moʻljallangan.
“Orenburg” EIZ hududida mulk soligʻi, transport va yer soligʻi boʻyicha nol foiz stavkasi boʻladi. Bundan tashqari, import bojlari va bojxona QQS ham nol foizni tashkil qiladi. Daromad soligʻi 2% ga kamaytiriladi.
Avvalroq Orenburgda Oʻzbekiston mevalar-sabzavot mahsulotlari uchun logistika markazi ochilishi, viloyatda gʻalla va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.