Davlat soliq qoʻmitasining xabariga koʻra, keyingi yillarda individual xususiyatga ega boʻlgan soliq imtiyozlarini cheklashga qaratilgan bir qator normalar belgilandi.

Qayd etilishicha, soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega boʻlishi mumkin emas.

Soliq kodeksi 75-moddaga koʻra, maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida xususiy sektor samarali faoliyat koʻrsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish koʻrsatilgan.

Bildirilishicha, 2021 yilda individual xususiyatga ega boʻlgan 15 ta hujjat boʻyicha jami 316,2 mlrd soʻmlik, 2022-yil dastlabki 6 oyi davomida esa 10 ta hujjat boʻyicha jami 144,8 mlrd soʻmlik soliq imtiyozi qoʻllanilgan.

Taʼkidlanishicha, har bir soliq imtiyozi hisobini yuritish va muddatlarini nazorat qilish imkoniyatini beruvchi E-imtiyoz AAT ishga tushirilgan. Korxona (STIR)ga, QQS boʻyicha EHFda hamda onlayn-NKM cheklarini shakllantirishda aks etuvchi MXIKlar (50 mingdan ziyod) orqali avtomatik ravishda foydalanilgan imtiyozlar tahlil qilinadi.

Maʼlumotlarga koʻra, yuridik shaxslar tomonidan 2021-yilda 43,4 trln soʻmdan, 2022-yil birinchi yarim yilligida 24,6 trln soʻmdan ziyod soliq imtiyozlaridan foydalanilgan.

Avvalroq soliq tushumlarining hajmi oʻtgan yilga nisbatan 15,7% ga oʻsganligi haqida xabar berilgandi. Bunda byudjetga kelib tushgan soliq tushumlari 71 trln soʻmni tashkil etgan.