Yevropa sudi tadbirkor Alisher Usmonovning sanksiyalar bo‘yicha da’vosini tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqilishiga yo‘l bermadi. Bu haqda “TASS” “Bild” nashriga tayangan holda xabar bermoqda.
Gap nima haqida
Avvalroq tadbirkor Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan sudga murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Milliarder Ukrainadagi jangovar harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganlikni inkor etib, $20 ming miqdoridagi sud xarajatlarini qoplashni talab qilmoqda.
Usmonov bu vaziyat “USM” xoldingi uchun jiddiy moliyaviy oqibatlarga olib kelishini aytib, suddan jarayonni tezlashtirilgan formatda o‘tkazishni so‘radi.
Unga ko‘ra, sanksiyalar bir nechta bitimlar, shartnomalar va loyihalarning buzilishiga olib kelgan.
Muzlatilgan aktivlar
28-fevral kuni YeI Kengashi bir qator rossiyalik tadbirkorlar, rasmiylar va madaniyat arboblari qatori Alisher Usmonovni ham, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan deb topib, qora ro‘yxatga kiritdi.
Sanksiyalar roʻyxatiga kiritilishini tasdiqlovchi hujjatda Usmonov “prezident Vladimir Putin bilan ayniqsa yaqin aloqada boʻlgan oligarx” va “prezidentning sevimlilaridan biri” deb atalgan.
Shu tariqa, ishbilarmonning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari Rossiya rahbariyatiga yaqin deb topilgani uchun muzlatib qo‘yilgan.
Sudda imkoniyatga ega boʻlish uchun tadbirkor Rossiya rasmiylari bilan yaqin aloqasi yoʻqligini isbotlashi kerak boʻladi.
Avvalroq “Spot” Alisher Usmonov Oʻzbekistonga sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yoʻnalishlarni sanab oʻtgani haqida xabar bergandi.
Unga koʻra, paxtani qayta ishlash, meva-sabzavot yetishtirish, rangli metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yoʻnalishlar hisoblanadi.