Komil Allamjonov barcha biznes loyihalardagi ishtirokini toʻxtatadi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.
Allamjonov barcha aktiv va kompaniyalarini sheriklarga oʻtkazish niyatida. Shuningdek, u Mass-mediani qoʻllab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi rahbari lavozimini tark etishini maʼlum qildi.
U Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari lavozimiga tayinlangach, biznesni butunlay tark etishga qaror qildi. Shavkat Mirziyoyev 26-iyul kuni tegishli qarorni imzoladi.
Bugundan boshlab men tadbirkor emasman, dedi Allamjonov.
Allamjonov oʻz qadamini “manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik” istagi bilan izohlab, boshqalarga ham shunday qilishni maslahat berdi. Bundan tashqari, u Oʻzbekistonda soʻz erkinligi rivojlanishiga umid bildirdi va ommaviy axborot vositalarini faolroq boʻlishga chaqirdi.
Allamjonov avvalroq “Soliq info” gazetasi, BEM buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish dasturi, “Avtotest” avtomaktablari va boshqalar asoschisi sifatida koʻrsatilgan edi. Uni yil boshida ochilgan “Autodriver Study” haydovchilar uchun imtihon markazi bilan ham bogʻlashadi.
Allamjonov 2017-yilning dekabridan 2018-yilning oktyabriga qadar davlat rahbarining ijro apparatida — prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan.
Shundan soʻng u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini, 2020-yil yanvaridan esa Mass-mediani qoʻllab-quvvatlash fondi vasiylik kengashini boshqargan.
Allamjonov OAV bilan ishlashi davomida bir necha bor xorijiy ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi haqida gapirgan. Ulardan voz kechish uchun Oʻzbekiston avvalo oʻz muqobilini yaratishi kerakligini va texnologiya gigantlari bilan hamkorlik cheklovlardan koʻra foydaliroq ekanini taʼkidlagandi.