“Oʻzneftgazinspeksiya” matubout xizmatining xabar berishicha, iyun-iyul oylarida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlar davomida bir qator AGTKShlarda tabiiy gazdan foydalanishda qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

Xususan:

  • Buxoro viloyatidagi 3 ta AGTKShda 2,2 mlrd soʻmlik,
  • Samarqand viloyatidagi 2 ta AGTKShda 3,3 mlrd soʻmlik,
  • Sirdaryo viloyatidagi 5 ta AGTKShda 3,6 mlrd soʻmlik,
  • Jizzax viloyatidagi 17 ta AGTKShda 31,3 mlrd soʻmlik,
  • Qashqadaryo viloyatidagi 1 ta AGTKShda 1,5 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Qoidabuzarliklar kelib chiqishi AGTKShlar oʻlchov tizimlaridagi koʻrsatkichlarga tashqi taʼsir bilan bogʻliq boʻlgan.

Hisob-kitoblarga asosan, mazkur korxonalar tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 41,9 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Bunda, 209 mingga yaqin xonadonning yoz mavsumidagi bir oylik isteʼmoliga teng boʻlgan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.

Avvalgi tadbirlar davomida AYoQShlar yoqilgʻi quyishda 60 ming litr kamomadga yoʻl qoʻygani, 40 dan ortiq xususiy yoqilgʻi quyish shoxobchalari benzinni kam toʻldirayotgani aniqlangan edi.