Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkalari 10% etib belgilandi (ilgari 15% edi).
Shuningdek, talabalarning Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlari hududida pulli oʻquv kurslarini, sport toʻgaraklarini tashkil etishdan va boshqa taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan olingan daromadlari jami daromadlarga kiritilmaydi.
Oʻquvchilar va talabalarning taʼlim olishi uchun professional va oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻtkaziladigan mablagʻ xarajatlariga soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydi.
Soliq toʻlovchining farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va (yoki) maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 mln soʻmgacha boʻlgan toʻlovlariga yoʻnaltiriladigan daromadlariga soliq solinmasligi belgilandi.
Shu bilan birga, norezidentlar boʻlgan jismoniy shaxslarning mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar boʻyicha olingan daromadlari (dividendlar va foizlar hamda fraxtdan olingan daromadlardan tashqari) uchun soliq stavkalari 12% etib belgilandi.
Qonun bilan qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga oʻrnatilgan hamda ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalariga soliq solinmasligi belgilandi.
2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrgacha respublika rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Shuningdek, Prezidentning va Hukumatning 2022-yil 1-iyulgacha qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji boʻyicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.