“Fix Price” Oʻzbekistondagi filiallarini yopishda davom etmoqda. Bu haqda Rossiya diskaunterlar tarmogʻining yilning birinchi yarmidagi hisobotida aytilgan.
Ikkinchi chorakda kompaniyaning yana 20 ta doʻkoni ishlamay qoldi. Umuman olganda, yil boshidan buyon mamlakatdagi Fix Priceʼning shaxsiy doʻkonlar tarmogʻi 32 taga kamaydi.
Ayni vaqtda Oʻzbekistonda tarmoqning dastlabki uchta franchayzing doʻkoni ochildi. Mahalliy bozorda “Fix Price” brendi ostida jami 13 ta doʻkon faoliyat yuritadi.
Taqqoslash uchun, 2021-yilda kompaniya ikkinchi chorakda respublikada 14 ta, birinchi yarim yillikda esa 24 ta yangi doʻkon ochgan. Oʻrtacha har hafta yangi doʻkon ochildi va tarmoq Oʻzbekistonni oʻzining asosiy bozori sifatida koʻrdi.
Yil boshidan buyon 67 ta “Fix Price” doʻkoni yopildi. Shu bilan birga, kompaniya 330 ta yangi joy ochdi, shu jumladan Qozogʻistonda 34 ta yangi filial oʻz ishini boshladi. Hozirda tarmoqda 7 ta davlatda 5267 ta doʻkon mavjud.
“Fix Price” Qozogʻiston va Belorussiyada “qiyin makroiqtisodiy muhit” taʼsirini qayd etdi. Biroq Rossiyada savdo hajmi 15,8% ga oshdi.
Kompaniyaning olti oydagi daromadi 131,8 mlrd rublni (Rossiya bankining joriy kursi boʻyicha $2,19 mln) tashkil etdi. 2021-yilning shu davriga nisbatan mazkur koʻrsatkich 24,2% ga oshgan.
Aprel oyi boshida yana bir rus diskaunteri “Доброцен"ning “Rossiya Federatsiyasi va Ukrainadagi noqulay vaziyat” tufayli Oʻzbekistonda faoliyati toʻxtatilgani maʼlum boʻldi. Kompaniya Oʻzbekistonda uch oydan sal koʻproq vaqt ishladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Spot” Rossiyaning “Magnit” kompaniyasi Toshkentda ilk “MCosmetic” doʻkonini ochgani haqida xabar bergan edi.