Vazirlar Mahkamasining “Issiqxonalarda muqobil energiya texnologiyasini joriy qilish xarajatlari bir qismini subsidiya hisobiga qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Unga koʻra, qishloq xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan issiqxonalarda qoʻllash uchun sotib olingan muqobil energiya qurilmalari qiymatining 30%i, biroq 150 mln soʻmgacha boʻlgan qismi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir marta qoplab beriladi.
Issiqxonalarda muqobil energiya texnologiyasini joriy etish maqsadida, xarid qilingan va oʻrnatilgan muqobil energiya qurilmalari qiymati bir qismini qoplash tartibi elektron shaklda “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Talabgorlar subsidiya olish uchun issiqxonalarda muqobil energiya texnologiyasini joriy etish maqsadida xarid qilingan va oʻrnatilgan muqobil energiya qurilmalari qiymati bir qismini qoplashga subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki bevosita “Agrosubsidiya” AT orqali ariza yuboradi.
Muqobil energiya qurilmalari talablarga muvofiq boʻlsa komissiya subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa qiladi hamda xulosa va talabgor tomonidan komissiyaga taqdim etilgan hujjatlarni Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga taqdim etadi, shuningdek, bu haqida talabgorga xabar beradi.
Avvalroq Spot ayrim issiqxona xo‘jaliklariga gaz uchun oshirilgan stavkada to‘lov qo‘llash tartibi bekor qilingani haqida yozgan edi.