“Exadel Uzbekistan” rahbari Yuliya Yakovleva prezident Shavkat Mirziyoyevga startap-maydonlar yaratishni taklif qildi.

Yakovleva soʻzlariga koʻra, bunday maydonlar Oʻzbekistonni nafaqat autsorser, balki oʻz mahsulotini yaratadigan mamlakat sifatida rivojlanishiga imkon beradi.

“Startap-maydonlar yosh IT-mutaxassislariga oʻz mahsulotlarini koʻrsatish va bu orqali proyektni moliyalashtiradigan investor topishga yordam beradi”, — deydi “Exadel Uzbekistan” rahbari.

U, shuningdek, koʻplab xorijiy kompaniyalar IT-mahsulotlarga sarmoya kiritishga tayyor ekanlikari, biroq biror bir startap mahsulot haqida ma’lumotga ega emasliklarini qayd etdi.

Umuman olganda, “Exadel” mutaxassislari Oʻzbekistonni relokatsiya uchun eng doʻstona mamlakat deb atashgan boʻlib, kompaniya bu yer bilan bogʻliq katta rejalar tuzgan.

Hozir bu yerda kompaniyaning 120 mutaxassisi ishlaydi, avgust-sentabr oylarida yana bir qator mutaxassislar koʻchib keladi.

“Yaqin orada mamlakat IT-xabga aylanishiga ishonamiz, chunki bu yerda o’sish potensiali yuqori”, — deydi Yakovleva.


Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Forbes nashri bilan suhbatda Oʻzbekiston yetarlicha inson kapitaliga ega ekanligini qayd etdi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston boshqa davlatlardan farqli oʻlaroq kompaniyalar uchun eng yaxshi soliq rejimiga ega.

2022-yil fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin rus va belorus mutaxassislari Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.

Bugungi kunga kelib “IT Park” tarkibiga 650 ga yaqin kompaniya, jumladan “Exadel” va “EPAM Systems” kiradi.

2021-yilda “EPAM” Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda kompaniya xodimlari sonini 3000 kishiga yetkazishni rejalashtirmoqda.