“World Gold Council” (Jahon oltin kengashi) hisobotida aytilishicha, dunyo mamlakatlari markaziy banklari aprel-iyun oylarida oltin zaxiralarini 180 tonnaga oshirdi.
Regulyatorlarning xaridlari hajmi oʻtgan chorakka nisbatan ikki baravar oshdi. Biroq 2021-yilning shu davriga nisbatan talab 14% ga kamaydi.
II chorakda oltinning asosiy xaridori Iroq Markaziy banki boʻlib, zaxiralarni deyarli 34 tonnaga toʻldirdi. Turkiya regulyatori qoʻshimcha 26,6 tonna qimmatbaho metall bilan keyingi oʻrinda.
Oʻzbekiston Markaziy banki uchinchi oʻrinda — uning oltin zaxiralari 26,44 tonnaga oshgan. Bank oʻtgan chorakdagi taʼminotning qisqarishini toʻliq qopladi.
Shuningdek, bahor va yoz boshida Qozogʻiston Milliy banki (15,8 tonna) va Hindiston zaxira banki (8,4 tonna) oltinni faol sotib oldi. Shu bilan birga, regulyatorlarning deyarli hech biri qimmatbaho metallni sotmagan.
Faqat olti oy ichida zaxiradagi oltin hajmi 270 tonnaga oshdi. Ushbu oʻsishning deyarli chorak qismi — 63,5 tonnasi Turkiyadan kelgan, yana 44,21 tonnasi Misr Markaziy banki tomonidan sotib olingan. Bu vaqt ichida Hindiston 14,71 tonna, Argentina 7 tonnaga yaqin qimmatbaho metall sotib oldi.
Oʻzbekistonning oltin zaxirasi yil boshidan buyon bor-yoʻgʻi 1,87 tonnaga oʻsdi. Yanvar-mart oylarida uning hajmining qisqarishi faol eksport hisobiga 24,5 tonnani tashkil etdi.
Tashkilot tahlilchilari markaziy banklar va investorlar tomonidan oltinga yuqori talab davom etishini kutishmoqda. Ular uchun qimmatbaho metall jahonning yetakchi iqtisodiyoti sekinlashuvi va inflyatsiyaning tezlashishi sharoitida xavfsiz aktiv rolini oʻynaydi.
Biroq, isteʼmolchilarning oltin mahsulotlariga boʻlgan talabi, shuningdek, elektronika ishlab chiqaruvchilari qisqarish xavfi ostida. Shu bilan birga, metall taʼminoti oʻsishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Oʻzbekiston Markaziy banki zaxirasidagi oltin tonnaji 2021-yil oxiridan boshlab maksimal darajaga yetganini yozgan edi.