Iyun oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,2%ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning “2022 yilning II choragi uchun pul-kredit sharoitlari sharhi"da keltirilgan.

Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davrida 10,9%ni tashkil etgan.

O‘sish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda g‘alla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,5%ga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8%ga qimmatlashdi.

Bu o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning pasayib borishida oziq-ovqat tovarlari narxining barqarorlashuviga asosiy e’tiborni qaratishni taqozo etadi.

Inflyatsion kutilmalar. Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholining kutilmalari 16,4% atrofida shakllangan bo‘lsa, tadbirkorlarniki 15,7%gacha pasaydi (may oyida 17,3%).


Regulyator yil oxirida inflyatsiyani taxminan 12%, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini — 5% dan 5,5% gacha boʻlishini kutmoqda.