Navoiy kon-metallurgiya kombinati yetakchi xalqaro banklardan 5 yil muddatga garovsiz uzoq muddatli sindikatsiyalashgan kredit jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar “JP Morgan & Chase”, “Citi”, “Societe Generale”, “Credit Suisse”, “ICBC Standard”, “Halyk Bank” va “Deutsche Bank” kabi banklar tomonidan taqdim etilmoqda.
Bitimning umumiy qiymati $1,2 mlrd.ni tashkil etib, kompaniyaning umumiy korporativ maqsadlari hamda investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Bu esa xalqaro moliya bozorlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi qadam bo‘lib, kelajakda yevrobond joylashtirish va IPOga tayyorlash imkoniyatini beradi.
2023-yilga moʻljallangan IPO da kompaniya aksiyalarining 10−15% dan koʻp boʻlmagan qismi sotiladi.
Avvalroq “Spot” NKMKning 2021-yildagi sof foydasi 11,3 trln soʻmni tashkil etgani haqida xabar bergandi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 54,25 trln soʻmni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 10,3% ga oʻsdi.