Dunyodagi yetakchi mehmonxonalar guruhi Accor 2023-yilda Toshkentda birinchi “Ibis” brendiga oid mehmonxona ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar bermoqda.
Bu “Accor” va “Lumiere” kompaniyalari o‘rtasidagi ikkinchi qo‘shma loyiha bo‘lib, avvalroq to‘rt yulduzli “Mercure Tashkent” mehmonxonasi ochilishi haqida xabar bergan edik.
Mehmonxona “Mercure Tashkent"dan uncha uzoq bo‘lmagan Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan olti qavatli yangi binoni egallaydi.
U 150 ta xonadan iborat bo‘lib, bir nechta do‘kon, bar, restoran va tadbirlar uchun konferensiya zallarini qamrab oladi.
“O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi nufuzi keyingi yillarda muttasil oshib bormoqda. „Ibis“ brendi „Accor“ guruhidagi eng sevimli brendlardan biri bo‘lib, uning Toshkentda ochilishi shaharning xorijlik sayyohlar orasida mashhur bo‘lishiga ishonchimiz komil”, — dedi “Accor New East Europe” bosh direktori Aleksis Delaroff.
Iyul oyida “Accor” “Hyper” kompaniyalar guruhi bilan Oʻzbekistonda uchta yangi premium mehmonxona ochishi ma’lum bo‘ldi.
Samarqandda “Mövenpick Samarkand”, Toshkentda “Swissôtel Tashkent” hamda Toshkent viloyatining Navobod qishlogʻida “Swissôtel Charvak” mehmonxonalari ishga tushiriladi.