Markaziy bank sharhiga ko‘ra, banklar tomonidan 2022-yilning yanvar-iyun oylari davomida 87 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10%ga ortgan.

Mazkur muddatda banklar ajratgan o‘rtacha oylik kreditlar 14,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Kreditlarning 70%i, ya’ni 61 trln so‘mi korporativ va qolgan 30%i (26 trln so‘m) chakana kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, kreditlarning 26%i qisqa muddatli va 74%i uzoq muddatli hisoblanib, valyutalar qirqimida esa 66% kreditlar milliy valyutada va 34% xorijiy valyutada ajratilgan.

Jami kredit portfeli qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 5%ga yoki 17 trln so‘mga oshgan. Shundan korporativ kreditlar 2%ga, chakana kreditlar esa 16%ga o‘sgan.

Chakana kreditlarning o‘sishi mikroqarzlar qoldig‘ining 5,7 trln so‘m, ipoteka kreditlarining 4,7 trln, ta’lim kreditlarining 436 mlrd, avtokreditlarning 422 mlrd so‘mga o‘sishi va boshqa iste’mol kreditlar qoldig‘i 943 mlrd so‘mga kamayganligi bilan izohlanmoqda.


Avvalroq “Spot” aholining kreditga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani haqida yozgan edi.

Unga ko‘ra, kredit olishni rejalashtirganlar asosan 5 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha daromad oladiganlar sinfida kuzatilgan.