Markaziy bank joriy yilning 2-choragi yakunlari bo‘yicha iste’mol kayfiyati sharhini eʼlon qildi.
Unga ko‘ra, iste’mol kayfiyati indeksi 26,1% ni tashkil etib, 1-chorakka nisbatan 1,7 bandga ko‘tarilgan.
Aholining kelgusi daromadlari oshishi bo‘yicha kutilmalari 2020-yil oxiridan beri eng yuqori darajada shakllandi va 9,4 ga teng bo‘ldi.
Aholining daromad kesimi tarkibida uy xo‘jaligida 5−7 mln so‘m va 7−10 mln so‘m va undan yuqori daromad oluvchilarning ulushi o‘tgan choraklarga nisbatan oshib borgan.
Kreditga talab
So‘rovda qatnashgan jami respondentlarning 66%i kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligini bildirishgan (1-chorakda 65%ga teng).
Kredit olishni rejalashtirganlar asosan, 2−3 mln so‘m va 3−5 mln so‘m atrofida daromad oluvchilar orasida kuzatilgan bo‘lsa, 2-chorakda bu ko‘rsatkich 5 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha daromad oladiganlar sinfida kuzatildi.
Ishtirokchilarning asosiy qismi kredit mablag‘larini uy-joy, ta’lim, davolanish, avtomobil, to‘y marosimi hamda mebel va maishiy texnikaga sarflashlarini ta’kidlashgan.
Avvalroq “Spot” aholi va tadbirkorlarning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarini e’lon qilgandi.
Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholining kutilmalari 16,4% atrofida shakllangan bo‘lsa, tadbirkorlarniki 15,7% gacha pasaydi.