2021-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan savdo aylanmasi $3,5 mlrd.ga yetdi. Bu haqda mamlakatlarning uch tomonlama uchrashuvida ma’lum qilindi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratovning ta’kidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki barobar oshirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiyaga texnika, o‘zbek to‘qimachiligi mahsulotlari, poyabzal va oziq-ovqat yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatiga ega.
Bozorlarga o‘zaro kirishni osonlashtirish uchun yangi elektron tijorat platformasini yaratish tadbirkorlar, eksportchilar, importchilar o‘rtasida muloqotni osonlashtirib, tovarlarni yanada arzon narxlarda sotish imkonini beradi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush bilan kechgan uchrashuvida ham o‘zaro savdoni faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish muhokama etildi.
Unga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 2023-yilda $5 mlrd.ga, undan so‘ng esa $10 mlrd.ga yetkazish maqsadida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirmoqchi.
Turkiyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini 2022-yilning yanvar-iyun oylarida Turkiya fuqarolarining ishga joylashish maqsadida mamlakatga qilgan sayohati bilan ham baholash mumkin.
Bu davrda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Turkiya fuqarolari soni 2021-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 10,8% ga oshib, 247 nafarni tashkil qildi.