Farg‘onada klinika qurish bo‘yicha viloyatdagi “Marafon Group” bilan Hindistonning “Apollo Hospitals” xalqaro shifoxonalar tarmog‘i shartnoma imzoladi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Shartnoma qiymati $25 mln.ga teng bo‘lib, klinika transplantologiya sohasiga yo‘naltiriladi.
Loyihaning $5 mln.i kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan, qolgan $20 mln.i “Abu Dhabi Investment Authority” jamg‘armasi sarmoyasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Klinika 2024-yilning 2-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Farg‘onada Germaniya investitsiyasi ishtirokida tibbiy diagnostika markazini tashkil etish bo‘yicha qiymati $10 mln.lik shartnoma imzolandi.
“Apollo Hospital” 1983-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Hindiston klinikalari orasida 5-o‘rinni egallaydi. Kompaniya dunyo bo‘ylab 70 dan ortiq klinikaga hamda 150 diagnostika markazi va 4 mingga yaqin dorixonaga ega.
Avvalroq “Spot” Qo‘qonda misdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish klasterini barpo etish bo‘yicha Avstriyaning “Niehoff Gruppe”, “ASMAG” va “UP CAST” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilgani haqida xabar bergandi.