Turkiyada inflyatsiya iyul oyida yillik yuqori 79,6%ga ko‘tarildi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, narxlarning o‘sishiga zaif lira, shuningdek, dunyodagi energiya va tovarlar narxining oshishi sabab bo‘lgan.

Iyun oyida inflyatsiya darajasi mamlakat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra 78,62%ni tashkil qilgan.

Bunga o‘tgan yilning kuzida Markaziy bank o’z stavkasini 500 bazaviy punktga bosqichma-bosqich pasaytirib — 14%ga tushirgandan keyin, Turkiya prezidenti Rejep Erdo‘g‘an tomonidan ilgari surilgan yumshatish siyosatining bir qismi sifatida, lira keskin pasayganidan so‘ng boshlandi.

“Inflyatsiya darajasi bir necha oy davomida yuqori ko‘rsatkichda qoladi”, — dedi rivojlanayotgan bozorlar iqtisodiyoti bo‘yicha ekspert Jeyson Tuvi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavf milliy valyutaning qulashi bo‘lib qolmoqda. Bunday yuqori ko’rsatkich oxirgi marta 1998-yil sentyabr oyida bo‘lgan edi.


“Spot” avvalroq Rossiyadagi inflyatsiyaning O‘zbekistonga ta’siri qanday bo‘lishi haqida yozgandi.