“Farg‘ona IEM” AJ Qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi, xabar bermoqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

Bu korxonada yillik issiqlik energiyasini 47,45 Gkalga, elektr energiyasini esa 108 ming kVt/soatga tejash imkonini berishi kutilmoqda.

Shuningdek, yil oxiriga qadar “Farg‘ona IEM” mavjud binolariga 13 dona jami 2600 litrlik quyosh suv isitgichlari o‘rnatish belgilangan.

Bundan tashqari korxona ko‘p yillardan buyon ishlatilmay kelayotgan eski ko‘mir omborxonasi o‘rnida quvvati 1800−2000 kVt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Ushbu quyosh panellari “On-Grid” rejimida ishlashini hisobga olganda yiliga 7−8 mln kVt qo‘shimcha elektr energiyasi olish va yoqilg‘i energoresurslarini tejash, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish imkonini ham beradi.


“Spot” avvalroq “Total Eren” Samarqandda 131 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini ishga tushirgani haqida xabar bergandi.

Fotoelektr stansiyasi 140 mingga yaqin mahalliy aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashi kutilmoqda.