“IT Park” hamkori “Astana Hub” “Google for Startups” bilan qo‘shma dastur — “Silkway Accelerator"ning ikkinchi oqimiga arizalar qabulini boshladi. Bu haqda “IT Park” ma’lum qildi.

Tanlov bir necha bosqichda o‘tkazilib, loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari va “Google Developers” vakillaridan iborat maxsus komissiya tomonidan baholanadi.

Dasturning birinchi oqimida ishtirok etgan “UvU” startapi loyiha bo‘yicha o‘qish davrida $1,5 mln.dan ortiq mablag‘ni oldi-sotdi qilishga ulgurdi.

“Bu natijaga dasturdagi trekerimiz ko‘magida erishdik. Avvaliga bu ko‘rsatkich 3−4 barobarga kamroq bo‘lishini kutgandik. Biznes modelimizni qayta ko‘rib chiqqach esa mijozlarimiz uchun takliflar tuzib chiqdik, loyihaning ustuvorligini o‘rgandik va shu ko‘rsatkichga erishdik, — dedi “UvU” bosh direktori Madiyar Toleugali.

Dasturning birinchi oqimi joriy yilning 8-iyulida ishga tushdi va startaplarni o‘qitish sentabr oyining oxirigacha davom etadi.

Birinchi oqim uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston va Tojikistondan “Product/Market Fit”, “Scale” bosqichlarida 15 ta eng yaxshi loyiha tanlab olindi.

Dasturning ikkinchi oqimi 2-sentabrdan boshlanadi. Tanlovda Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Mo‘g‘uliston startaplari ishtirok etishi mumkin. Ta’lim Nur-Sultonda oflayn rejimda o‘tkaziladi va 3 oy davom etadi.

Hujjatlar qabuli 21-avgustga qadar qilib belgilangan. Arizalarni mazkur havola orqali to‘ldirish va jo‘natish mumkin.


Avvalroq “Spot” “Astana Hub” “Invest Day” dasturiga arizalar qabul qilgani haqida xabar bergandi.

“Invest Day” — bu startap va investorlarga mo‘ljallangan platforma bo‘lib, unda Qozog‘iston va xorijiy davlatlardan kelgan eng yaxshi 10 ta startap o‘z mahsulotini investor va biznes angellarga namoyish etishishi mumkin.