Mehmon uylarini ochmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar kredit mablag‘larining 30%gacha qismi qoplab beriladi, xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, uch yil muddatga ajratiladigan mazkur kompensatsiya Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Kredit umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, qaror bilan investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish muddatini 2023-yil 31-dekabrgacha uzaytirish belgilandi.

Investorlarga yangi qurilgan mehmonxonasi 3 yulduzli toifaga va 50 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega yoki 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega bo‘lganda subsidiya ajratiladi.

Joriy yil 1-iyuldan kichik tadbirkorlar loyihalari uchun kompensatsiya ajratila boshlandi. Moliyaviy yordam bitta tadbirkorning faqat bitta loyihasiga tatbiq etiladi hamda tadbirkor shartnoma amal qilgan kredit boʻyicha qarzdorlik toʻliq qaytarilganda, moliyaviy yordam olish uchun Jamgʻarmaga takroran murojaat qilishga haqli boʻladi.


Avvalroq “Spot” issiqxonalarda muqobil energiya texnologiyasini joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi haqida yozgan edi. Sotib olingan muqobil energiya qurilmalari qiymatining 30%, biroq 150 mln soʻmgacha boʻlgan qismi bir marta qoplab beriladi.