“Farg‘onaazot"ning 99,02% aksiyalar paketini sotib olish uchun Amerika, Osiyo va Yevropa mamlakatlardan 10 nafar xalqaro investor ariza berdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.
5 ta talabgorning dastlabki saralash bosqichi (RfQ) uchun to‘liq hujjatlar to‘plami kelib tushdi.
Aktivni xususiylashtirish jarayonlarida “Deloitte” kompaniyasi yetakchi maslahatchi hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) strategik maslahatchi sifatida jalb etilgan.
O‘rganib chiqish natijasida, talabgorlardan kelib tushgan arizalarning 1 tasi dastlabki saralash bosqichining talablariga nomuvofiqligi sababli xususiylashtirish jarayonlarining navbatdagi bosqichiga o‘tkazilmadi.
O‘tgan yili agentlik “Farg‘onaazot” ustav kapitalidagi 99,02% ulushni xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro nufuzga ega konsultant va auditorlik kompaniyalarini tanlov asosida jalb qilgandi.
Kompaniya haqida
“Farg‘onaazot” kompaniyasi 1962-yilda tashkil etilgan.
O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri.
Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna o‘g‘itni tashkil qiladi.
Kompaniyaning sof foydasi 2021-yil yakuniga ko‘ra 19% ga oshdi va 348.8 mlrd so‘mni tashkil etdi.