Markaziy bank 2022-yilning ikkinchi choragida hududlarda shakllangan tadbirkorlarning biznes kayfiyatini o‘rgandi.
Onlayn so‘rovda iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yurituvchi 1,4 mingga yaqin tadbirkor o‘z pozitsiyasini bildirdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlarida biznes yurituvchi respondentlarning 53,5%i sharoitlari yaxshilanganini qayd etdi.
Respondentlar birinchi chorakda qarzdorligi ko‘payganligini ta’kidlagan bo‘lsa, 2-chorakda ushbu ko‘rsatkich 40%ni tashkil etdi.
Faoliyatini to‘liq yurita olmagan tadbirkorlar ko‘rsatkichi ikkinchi chorakda 24,5%gacha kamaydi.
Bunda, to‘liq ishlamaslik sabablari sifatida yoqilg‘i narxlarining qimmatligi hamda xomashyo materiallarining yetishmasligi kabi omillar keltirilgan.
Shuningdek, respondentlarning ko‘pchilik qismi kreditlar va qarz yuklamalarining nisbatan ko‘payganini bildirishdi.
Monopol korxonalar hamda yo‘llar infratuzilmasidagi qiyinchiliklar salbiy omillar sifatida ko‘rsatildi.
Tadbirkorlarning qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talabi qurilish, umumiy ovqatlanish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida yuzaga keldi.
Umuman olganda, biznes vakillarining 66%i kelgusi uch yil davomida sharoitlar yaxshilanib borishini kutmoqda.
Avvalroq “Spot” Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik faolligi indeksi baholangani haqida xabar bergandi.
Unga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida barcha turda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar soni 605 371 ni tashkil etdi.