Markaziy bank aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari iyun oyiga nisbatan pasaydi — 15,5%.
Inflyatsion kutilmalarning mediana qiymati esa 13%ni tashkil etdi.
Tadbirkorlarning yuqoridagi muddat uchun inflyatsion kutilmalari esa ketma-ket ikki oy pasayib 15,2%ni tashkil etdi.
Aholi inflyatsion kutilmalarning pasayishini asosan iste’mol narxlarining o‘sgani, iyul oyida mavsumiy meva-sabzavotlar narxining arzonlashgani hamda milliy valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi kabi omillar bilan baholaydi.
Kelgusi 12 oyda fuqarolar import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi (55%), narxlarining sun’iy oshirilishi (43%) hamda yoqilg‘i va energoresurslar narxlari oshishi mumkinligi (36%)ni ta’kidlagan.
Tadbirkorlar valyuta kursining o‘zgarishi (34%), yoqilg‘i va enegoresurslarining (31%) hamda import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlarining qimmatlashishi (28%) narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatishini prognoz qilmoqda.
Transport xizmati xarajatlarining oshishi, import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning mavjudligi va xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan oshgan.
Kommunal xizmatlar qimmatlashishi hamda ish haqi va nafaqalari oshishining kelgusi davrda narxlarga ta’sirini kutayotganlar nisbatan kam.
Avvalroq “Spot” iyun oyida yillik inflyatsiya 12,2%ga yetgani haqida yozgandi.
O‘sish import, tovarlarni yetkazib berish, logistika muammolari hamda g‘alla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi bilan izohlanadi.