Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 12 ta quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligining matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, qurilmaning jami sig‘imi — 2400 litr.

Qurilmalar ish boshlagandan so‘ng korxona xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatilayotgan issiqlik tizimi o‘chirilib, to‘liq zaxiraga chiqarildi.

Mazkur qurilmalardan foydalanish hisobiga korxona yiliga 100 ming kVt.soat elektr va 300 Gkall issiqlik energiyasini tejash imkoniga ega bo‘ladi.

Bu nima va u qanday ishlaydi

Quyosh vakuumli suv isitgichlari bitta qismli kollektor (monoblok) vakuum shishalaridan va bitta konstruksiyada mahkamlangan issiq suv akkumulyatoridan (termos) iborat.

Kollektor-monoblok asosan bino yoki uyning tom qismiga o‘rnatiladi va shu bilan iste’mol manbaiga kerakli bo‘lgan issiq suv bosimini yetkazib beradi.

Saqlash idishi issiq suv haroratining uzoq muddatli saqlanishini ta’minlaydi.

Aqlli tekshirgich (Smart kontroller) barcha ish jarayonlarini, shu jumladan, idishdagi suv darajasini, suv sathini tartibga solishni, zarur bo‘lsa 1,5 kVt quvvatli elektr isitish moslamasini yoqish va o‘chirish ishlarini boshqaradi.

Iste’molchi kollektordan foydalanib, yilning 9 oyi davomida suvni isitish uchun elektr energiyasini 100% tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qish oylarida esa 70%gacha energiyani tejashga erishiladi.

Uskunalar hech qanday operatsion xarajatlarni talab qilmaydi. Chunki aqlli tekshirgichning ishi tufayli u mustaqil ravishda ishlaydi, uni issiq suv iste’moliga qarab bir marta sozlash kifoya.


Avvalroq “Spot” Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga toshirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, yil oxiriga qadar “Farg‘ona IEM” mavjud binolariga 13 dona jami 2600 litrlik quyosh suv isitgichlari o‘rnatish belgilangan.