Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar qay hollarda va kimlarga berilishini ma’lum qildi.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish (9 mln so‘mgacha), sug‘orish vositalari xarid qilish (3 mln so‘mgacha), urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun (900 ming so‘mgacha) miqdorda subsidiya beriladi.
Shunindek, ishsiz fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ish bilan ta’minlash maqsadida BHMning 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorida mablag' ajratiladi.
Bundan tashqari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga hamda “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi a’zolarining qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilishga 3 mln so‘mgacha pul miqdori beriladi.
2025-yilgacha aholi xonadonlarida baliq yetishtirish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplashga 600 ming so‘mgacha mablag' taqdim etiladi.
Shu bilan birga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun 7 mln so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.
Subsidiya yana kimlarga beriladi
- Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga ijara to‘lovini to‘lash uchun 3 mln so‘mgacha miqdorida;
- Hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun a’zolik badali miqdorida;
- Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun sarflanadigan xarajatlarni to‘lashda bir martalik miqdorda;
- Hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashga 600 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda;
- Shogirdlarga mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish, ustalarga mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50%i, biroq 7,5 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.