Joriy yilning 5-avgust kuni “UzAuto Motors” oddiy aksiyalari “Toshkent” fond birjasining kotirovkalash varag‘iga kiritildi, xabar beradi Moliya vazirligining matbuot xizmati.
Kompaniya aksiyalarining fond bozorida ommaviy taklif orqali (IPO) joylashtirilishi joriy yilning oxiri yoki 2023-yilning boshida amalga oshiriladi.
Shu maqsadda, 2022-yil 15-aprel sanasida jamiyat tomonidan aksiyalarni fond bozorida ommaviy joylashtirishni tashkillashtiruvchi anderrayterlarni tanlab olish bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilindi.
Tender natijasiga ko‘ra, “Freedom Finance” investitsiya vositachisi boshchiligidagi anderrayterlar konsorsiumi g‘olib bo‘ldi.
Shartnoma joriy yilning 7-iyulida imzolandi.
Jamiyat tomonidan 2021-yilning aprel oyida $300 mln miqdoridagi 5 yillik xalqaro obligatsiyalar 4,85% kupon stavkasi bilan London fond birjasida joylashtirildi.
Xalqaro obligatsiyalarni chiqarish maqsadida “S&P” va “Fitch” xalqaro reyting agentliklaridan “B+” ('Barqaror' kutilma bilan) bahosiga ega bo‘lgandi.