Joriy yilning 7 oyida elektrotexnikalarni ishlab chiqarish hajmi 10 trln so‘mga yetib, eksport hajmi $438 mln.ni tashkil etdi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshgan.

Eksport qilinadigan davlatlar qatoriga Avstriya, Vengriya, Ruminiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Chexiya, Afrikaning Mavrikiya kabi mamlakatlari qo‘shilgach eksportyorlar soni 48 taga yetdi.

200 ga yaqin mahsulotlar ichida suv nasoslari, lift va eskalator, sanoat sovutkichlari va quyosh suv isitgichlari eksport qilindi.

Elektrotexnikalarni eksport qilishda Turkiya yetakchilik qilmoqda. Bu davrda mamlakatga qiymati $185 mln milliy mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Undan keyingi o‘rinlarda Rossiya (87 $mln) va Qozog‘iston ($50 mln) kabi mamlakatlar bor.

Farg‘ona, Qo‘qon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi korxonalar ilk marotaba eksportga chiqa boshladi.

Shuningdek, xalqaro sertifikat va standartlarga ega bo‘lgan korxonalar soni 41 ni tashkil etdi.


Avvalroq “Spot” joriy yilning olti oyida qiymati $290 mln.lik qurilish materillari eksport qilingani haqida xabar bergandi.

Qurilish mollari eng ko‘p Qozog‘istonga eksport qilindi — $77,5 mln.