Transport vazirligi eksportni amalga oshirish uchun tadbirkorlarga eng maqbul yo‘llarni taklif etish va ularning transport xarajatlarini qisqartirishda yordam beradi.

Buni prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha taqdimot da ta’kidladi.

“Transport sohasini rivojlantirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim zamin. Transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlar joriy yilda eng ko‘p uchratayotgan muammolaridan biri monopol korxonalar hamda yo‘llar infratuzilmasidagi qiyinchiliklar hisoblanadi.

Ular kelgusi 12 oy davomida transport xizmati xarajatlarining oshishi, import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning mavjudligi va xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini prognoz qilishdi.

Eksport ko‘rsatkichlari

Bugungi kunda eksport mahsulotlari xorijga, asosan, 9 ta transport yo‘lagi orqali amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda eksport hajmi $8,2 mlrd.ga yetdi. Ko‘rsatkich esa o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga ko‘paydi.

Yil boshidan beri 50 mingta yangi korxona tashkil etilib, eksportyorlar soni 7 yarim mingdan oshdi. Natijada eksport mahsulotlari 32 ta yangi bozorga kirib bordi.

Shuningdek, dunyoda yuk tashish xarajatlari oshgani inobatga olinib, eksportyorlarga bu xarajatlarni qisman qoplash uchun davlat tomonidan 170 mlrd so‘m kompensatsiya berildi.

Yevropaga tayyor mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga transport xarajatlari uchun subsidiya miqdori 50%dan 70%ga oshirildi.


Avvalroq “Spot” aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 13 ta holatda subsidiya ajratilishi haqida yozgandi.