Avgust oyidan boshlab O‘zbekistonda ayrim kriptobirjalar veb-saytlaridan foydalanish cheklana boshlandi. Bunga “Daryo” ahamiyat berdi.

Bugungi kunda fuqarolarga kripto-aktivlar bilan savdolarni amalga oshirish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi platformalar faolligi oshib bormoqda.

Elektron platformalar nega bloklanmoqda

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi o’tkazgan monitoringda ularning asosiy qismida litsenziyalar mavjud emasligi aniqlandi.

Mazkur platformalar kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlashda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini so‘rab olishadi.

Shu bilan birga, ular hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydilar, tranzaksiyalarning qonuniyligini, fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri saqlanishi va maxfiyligini kafolatlay olmaydilar.

Mazkur sabablarni inobatga olgan holda, litsenziyaga ega bo‘lmagan elektron platformalar (kripto-birjalar va elektron ayirboshlash maydonchalari)dan foydalanish belgilangan tartibda cheklangan.

Ma’lumot uchun: 2023-yildan O‘zbekiston fuqarolari va rezident kompaniyalari kriptoaktivlarni faqat litsenziyaga ega mahalliy provayderlar orqali sotib olishlari, sotishlari va ayirboshlashlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Spot"da kripto-aktivlar aylanmasi sohasini huquqiy tartibga solish bo’yicha Qozog’iston bilan hamkorlik qilinishi e’lon qilingandi.