Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Dori-Darmon” kompaniyasining 51% aksiyalar paketini xususiylashtirish jarayoniga tayyorgarlik koʼrishni boshladi.

Hozirda agentlik ushbu jarayon bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qildi.

Konsultantlar farmatsevtika sohasida tegishli bilim va tajribaga ega boʼlishi kerak.

Tenderga tijorat takliflari so‘rovnomaga asosan qabul qilinadi.

Qo‘shma tijorat taklifini taqdim etuvchilar jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultantni ko‘rsatishi lozim.

Takliflar joriy yilning 27-avgustigacha qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi — O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi yetakchi ulgurji va chakana savdo kompaniyasi hisoblanadi.

Kompaniyaning hududiy bo‘linmalari tarkibiga 7 ta aksiyadorlik jamiyati va 14 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, jumladan, 17 ta omborxona, 15 ta tahlil laboratoriyasi kiradi.

“Dori-Darmon” АK va uning hududiy boʼlinmalari tomonidan 2283 ta ijtimoiy dorixona tashkil etilgan boʼlib, dorixona filiallarining 70%i chekka hududlardagi qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida joylashgan.

2021-yilda kompaniya 402,1 mlrd. so‘m sof tushum va 32,6 milliard so‘m sof foyda oldi.


Avvalroq “Spot” don korxonalaridagi davlat ulushlari sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergandi.