“IT Park” xorijda ishlaydigan o‘zbekistonlik bilan suhbatlashdi.


Farruh Habibullayev 2016-yilda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining Biznes-axborot tizimlari fakultetini tamomlagach, 2017−2019-yillarda AQShdagi universitetda “matematika va informatika” yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini oladi.

O‘qishni tamomlaganidan so‘ng xalqaro kompaniyada o‘z kuchini sinab ko‘rish niyatida u rezyumesini AQShning bir nechta kompaniyalariga yuboradi.

Shunda Farruh 15 dan ortiq kompaniyalarga suhbatga, ulardan 10 tasiga esa ishga taklif qilinadi.

U takliflar orasidan tibbiyot sohasidagi bioinjeneriya tadqiqotlariga ixtisoslashgan San-Fransiskodagi “Neopeutics” kompaniyasini tanladi.

Unga olimlar, bioinjenerlar bilan ishlash va tadqiqotlar qilish taklifi bildirildi. Kompaniyaning olimlari va tadqiqotchilari esa katta miqyosda, petabayt ko‘lamida algoritmlar va ma’lumotlar bilan ishlaydi.

Kompaniya dasturchining barcha hujjatlarini tayyorlab, AQShga parvoz va turar joy xarajatlarini ham qoplab berdi.

U yerdagi faoliyati davomida Farruh dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlab, yirik ma’lumotlar to‘plamini saqlaydigan va qayta ishlaydigan analitik va intellektual dasturiy ta’minotni yaratadi.

AQShda “aytishnik"lar qancha oladi

Farruh Qo‘shma Shtatlarda professional o‘sish uchun sharoitlar mavjudligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda malakali IT-mutaxassislar uchun millionlab ish o‘rinlari mavjud va eng muhimi, dasturiy ta’minot muhandislarining maoshi juda yuqori.

Masalan, Nyu-Yorkda 5 yillik tajribaga ega bo‘lgan dasturiy ta’minot muhandislariga yiliga $1 mln.dan ortiq pul to‘laydigan kompaniyalar bor.

Ish muhiti, moslashuvchan jadvaldan tashqari, kompaniyalar sog‘liq sug‘urtasi, kunning istalgan vaqtida bepul ovqatlanish, AQShning istalgan joyidan turib ishlash imkoniyatini taqdim etadi.

“Amazon” va “Google"dagi muvaffaqiyat

Farruh “Neopeutics” kompaniyasidagi faoliyatidan bir yil o‘tib, “Zume” startapida faoliyat yuritdi hamda robotlar va kobotlar uchun dasturiy ta’minot yaratdi.

Shundan so‘ng, “Amazon"da faoliyat yuritib, yuz millionlab “Amazon Prime Video” obunachilari va mijozlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kengaytiriladigan va ishonchli veb-striming xizmatlarini ishlab chiqdi.

Bundan tashqari, “Fire OS” va “Fire TV” qurilmalaridagi ilovalarni ishlab chiqishda ishtirok etdi.

Hozir esa Farrux Google’da ishlayapti. Uning vazifasi 500 dan ortiq avtomobil turlari, jumladan “BMW”, “Fords”, “Chrysler” va boshqalar uchun aqlli dasturiy ta’minot va “Android” operatsion tizimini ishlab chiqishdan iborat.

Jamoa bilan esa “Android” operatsion tizimining avtomobil uchun versiyasini ishlab chiqadi.

AQSh va O‘zbekiston IT sohasidagi farq nimada

Farruxning fikricha O‘zbekistonda ham IT-sohasi juda jadal rivojlanmoqda.

Biroq mamlakatdagi mazkur yo‘nalish Amerikanikidan biroz farq qiladi.

Masalan, Markaziy Osiyoning ko‘pgina mamlakatlarida axborot texnologiyalari asosan tijorat maqsadlarida yoki jarayonlarni avtomatlashtirish maqsadida qo‘llaniladi.

AQShda esa texnologiya nafaqat biznes va hukumatga, balki ilm-fanning ko‘plab sohalariga ham mustahkam ravishda integratsiyalashgan.

“Sun'iy intellekt asrida yaxshi dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lish uchun kompyuter fanidan tashqari hech bo‘lmaganda matematika va fizikani bilishingiz kerak bo‘ladi”, — deydi dasturchi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga ishlash uchun ko‘chib kelgan rossiyalik IT-mutaxassislar haqidagi maqolalarni bir joyga jamlagan edi.