Prezident metallurgiya sanoatini rivojlantirishning to‘rtta asosiy vazifasini belgiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazifalar quyidagilardan iborat:
- metall ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan kafolatli ta’minlash;
- barcha hududlarda metall ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash;
- yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy metall konstruksiyalar ishlab chiqarish;
- malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.
Ikkinchi masala yuzasidan sohada korxonalarni rivojlantirish va ular negizida sanoat klasterlarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun korxonalar import qilinadigan metall xomashyosi va mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan uskunalarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijlik mutaxassislarning O‘zbekistonda ishlashi uchun soddalashgan viza berish takliflarini ko‘rib chiqishga mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.
Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, kelgusi yilda $500 mln.lik mahsulotlarni mahalliylashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu borada 204 ta loyiha taklifi ishlab chiqildi.
Mahalliylashtirilgan yangi mahsulotlar davlat korxonalari tomonidan kafolatli xarid qilinishi belgilandi.
Sohada ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish uchun “O‘zmetkombinat"da Metallurgiya ilmiy markazini tashkil etish, Geologiya universitetida qora metallar ilmiy laboratoriyasi, Navoiy konchilik hamda Toshkent texnika universitetlari qoshida texnoparklar ochish taklifi bildirildi.
Shuningdek, nufuzli xorijiy kompaniyalar va injiniring markazlarida yosh mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq “Spot” “Formalin 37%” va “Karbamid-A” xom ashyosining narxi yuqoriligi sabab, O‘zbekiston DSP mahsulotlarining sifati past baholanayotgani haqida xabar bergandi.